Nurobod tumaniga yangi hokim tayinlandi

Tumanning sobiq hokimini prezident Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ishdan olgan edi.
Sputnik
TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Sherali Yo‘ldoshev Samarqand viloyatining Nurobod tumaniga hokim etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Nurobod tumani hokimligida o‘tkazilayotgan xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Yo‘ldoshev nomzodi tuman hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Sherali Yo‘ldoshev 1971-yilda Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Mazkur tayinlovga qadar u xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat olib borgan.
2017 yil yozidan buyon Nurobod tumaniga rahbarlik qilib kelgan Faxriddin Zoirov prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil fevralida Samarqandga tashrifi davomida ishdan olingan edi.