Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylariga chegarada qonuniy asoslarsiz qurol qo‘llash taqiqlandi

Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar natijasida ikki davlat harbiy xizmatchilariga qurol ishlatish taqiqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 13 mar — Sputnik. 12-mart kuni Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar natijasida ikki davlat harbiy xizmatchilariga qurol ishlatish taqiqlandi, faqatgina tomonlarning qonun hujjatlari talablarida nazarda tutilgan hollarda o‘t ochish bundan mustasno. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati ma’lum qildi.
Ikki mamlakat vakilllari chegara xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha turli masalalarni ko‘rib chiqishgan va birgalikda qo‘riqlanadigan chegara hududida noxush hodisalar sonining ko‘payishiga alohida e’tibor qaratishgan.
"Guliston avtomobil yo‘li" nazorat-o‘tkazish punktida o‘tkazilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra tomonlar quyidagilarga kelishib olishgan:
ikki davlatning chegaradosh hududlarida noxush hodisalarning oldini olishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv hamda protokollarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish zarur;
ikki respublikaning chegara vakillari harbiy xizmatchilar o‘rtasida chegarada ko‘ngilsiz voqealar sodir bo‘lgan taqdirda provokatsiyalarga berilmaslik, chegaradagi vaziyatning keskinlashuviga hissa qo‘shayotgan shaxslarning buzg‘unchi harakatlariga qat’iy chek qo‘yish shartligini ta’kidlagan holda tushuntirish ishlarini olib borishi kerak;
ziddiyatli vaziyatlarni oldindan ko‘ra bilish va oldini olish uchun tomonlarning chegara vakillari doimiy ravishda mavjud vaziyat to‘g‘risida ma’lumot almashishi kerak;
ikki davlat harbiy xizmatchilariga qurol ishlatish taqiqlanadi, har ikki tomon qonun hujjatlari talablarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
qirg‘iz-tojik chegarasidagi barcha harbiy xizmatchilar chegara qo‘shinlarining o‘zini tutish talablariga qat’iy rioya qilishi shart.
Eslatib o‘tamiz, 10 mart kuni kunduzi va 11 mart kuni tunda Tojikiston va va Qirg‘iziston chegarasida otishma ro‘y bergan edi.