TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Turkiya COVID-19’ga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya xizmati xabar berdi.
Hujjatlar 15-martdan tan olinadi.
“Tomonlar vakolatli organlar tomonidan berilgan COVID-19’ga qarshi emlanganlikni tasdiqlovchi rasmiy sertifikatlarni o‘zaro tan oladi”, – deyilgan xabarda.
Sertifikat egasining davlatlarning hududiga to‘siqsiz kirishi kafolatlanadi. Milliy darajada yoki JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalar bilan to‘liq emlangan ikki mamlakatdan sayyohlar, agar vaksina tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, o‘z mamlakatlariga kirishda ushbu qoidalardan foydalanadi.
Avvalroq Tojikiston 15-martdan O‘zbekistonda berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni rasman tan olishini ma’lum qilgan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 46,9 million dozadan ortiq kovidga qarshi vaksinadan foydalanilgan. Emlanishi kerak bo‘lgan aholining 92,1 foizi vaksinaning birinchi dozasini olishga ulgurgan, 73,6 foizi esa to‘liq emlanib bo‘lgan. Aholi ZF-UZ-VAC 2001, “Sputnik V”, “Sputnik Layt”, “AstraZeneca”, “Moderna”, “Pfizer/BioNTech”, “CoronaVac” vaksinalari bilan emlanmoqda.