Kamilov Afg‘onistonga iqtisodiyotini tiklashga yordam berishga chaqirdi

Tashqi ishlar vaziri Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan II Diplomatik forum doirasida so‘zga chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov xalqaro hamjamiyatni Afg‘onistonga iqtisodiyotini tiklashga yordam berishga chaqirdi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati.
Kamilov Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan II Diplomatik forum doirasidagi “Afg‘oniston: yangi voqeliklarga qanday munosabatda bo‘lish kerak?” panel sessiyasida so‘zga chiqdi. Vazir qo‘shni Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatish, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatish, gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida u yerdagi yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirish borasidagi mamlakat sa’y-harakatlari haqida forum ishtirokchilariga ma’lumot berdi.
“Xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonni iqtisodiy tiklash, mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb qilish bo‘yicha faol choralar ko‘rishi zarurligi ta’kidlandi”, - deyilgan xabarda.
Forum doirasidagi “Yangi Osiyo: barqaror mintaqaviy o‘sish uchun” mavzusida davra suhbatida Abdulaziz Kamilov asosiy ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo etib belgilangan O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari va erishilgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
“Muvaqqat hukumat o‘z va’dalarini bajarishi shart”: Kamilov “Tolibon”*ni tan olish haqida
O‘zbekiston ham Markaziy Osiyo davlatlari, ham Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatishdan manfaatdor ekani haqida ma’lum qilindi.
10-13 mart kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida II Diplomatik forum bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston TIV rahbari Qatar, Slovakiya va Qirg‘izistondan bo‘lgan hamkasblari bilan muzokaralar o‘tkazdi.