Xorijdagi malakali o‘zbek yoshlari yuqori lavozimlarga tayinlanadi

Xorijdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan o‘zbekistonlik yoshlar mamlakatning vazirlik, idora va tashkilotlarida ishlashlari mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 11 mar - Sputnik. Endilikda xorijdagi o‘zbekistonlik yoshlar o‘z yurtidagi vazirlik va idoralarga ishga jalb qilinadi. Bu bo‘yicha 101-sonli hukumat qarori qabul qilindi.
2022 yil iyundan xorijdagi nufuzli OTMda o‘qiyotgan, yetakchi kompaniyalarda ishlayotgan o‘zbekistonlik yoshlar mamlakatning vazirlik, idora va tashkilotlarida ishlashlari mumkin bo‘ladi.
O‘zbekiston yosh mutahassislarni xizmat turar joylari bilan ta’minlaydi. Ular kamida 2-yil ishlasa, uy-joy uchun ipoteka kreditining dastlabki badali va foizlarning bir qismini qoplashga subsidiya beriladi.
2022 yil 1-iyungacha “Yosh vatandoshlar reyestri” elektron tizimi ishga tushiriladi. Ushbu tizim xorijdagi vatandosh olimlar, ekspertlar va tadqiqotchilar ochiq ro‘yxatdan o‘tadigan platformaga integratsiya qilinadi.
Har yili 1-martgacha davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi malakali yosh mutaxassislar va yosh vatandoshlarni kelgusida yuqori lavozimga tayinlash bo‘yicha asoslangan takliflarni Yoshlar ishlari agentligiga beradi.
Agentlik esa 1-aprelgacha takliflarni o‘rganib Prezident Administratsiyasiga tavsiya kiritadi.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yili xorijda yashayotgan yurtdoshlarni tarixiy Vatani atrofida jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish maqsadida "Vatandoshlar" jamoat fondi tashkil etilgan edi.