TOShKENT, 11 mar - Sputnik. Rossiyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kiyimlarga talab oshdi. 2021-yilda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini onlayn sotish 2020-yilga nisbatan 90 foizga oshgan. Bundan tashqari, rossiyaliklar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlaridan ko‘pincha bolalar kiyimlarini xarid qiladi.
Rossiyaning Wildberries onlayn-riteyleri Sputnik agentligiga statistik ma’lumotlarni taqdim etdi.
“Eng jadal sur’atda bolalar ichki kiyimiga talab o‘sdi, donalab sotish bo‘yicha o‘sish 680%ni tashkil etdi, — deyiladi kompaniya matbuot xizmati xabarida. Shuningdek, sport vodolazkasi (638%), bolalar ko‘ylagi (633%), hammom xalati (601%), bolalar koftalari (593%) savdosi ham o‘sgan”.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sport kiyimlari ham rossiyalik xaridorlar orasida mashhur – xabarga ko‘ra, 2021-yilda sport kiiymlari savdosi 2020-yilga nisbatan 427%ga oshgan.
“O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari xomashyo sifati va jozibador narxi tufayli rossiyalik xaridorlar orasida yuqori talabga ega”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyidan WildberriesO‘zbekiston bo‘ylab buyurtmalar yetkazib berishni boshlagan edi: respublikadagi birinchi qabul qilish punkti Toshkentda ochilgan. O‘zbekiston bozoriga chiqish borasidagi rejalarini esa kompaniya 2020-yilda e’lon qilgan edi. Kompaniya matbuot xizmati xabar qilganidek, O‘zbekistonda onlayn-do‘konning ishga tushirilishi mahalliy tadbirkorlarga o‘z mahsulotlarini Rossiya va mazkur onlayn-riteyler vakilligi bo‘lgan boshqa mamlakatlarda sotish imkonini beradi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy xaridori hisoblanadi. Birgina joriy yilning yanvar oyida Rossiya kompaniyalari respublikadan 39,4 million dollarga to‘qimachilik mahsulotlari xarid qilgan.
Shu bilan birga, yanvar oyida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining 26 davlatga eksportining umumiy hajmi 72,3 million dollarni tashkil etgan, ya’ni hajmning 54,5%i rossiyalikiste’molchilarga to‘g‘ri keladi.
3-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan tarmoqlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda yil boshidan buyon to‘qimachilik mahsulotlari eksporti 1,3 barobar oshgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda – o‘tgan yili hukumat tomonidan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga qariyb 1,1 milliard dollar ya’ni respublikadagi asosiy kapitalga kiritilgan umumiy investitsiyalar hajmining 5,2 foizi yo‘naltirilgan.
2021-yilda mamlakat bo‘yicha 5342 ta korxona to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqargan. Korxonalarning aksariyati Toshkent shahrida joylashgan –ularning soni 828tani tashqil qiladi. Farg‘ona viloyati ham to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha faol – 817 korxona. Andijon viloyati 578 ta korxona bilan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilikda uchinchi o‘rinda turibdi.