TOShKENT, 10 mar — Sputnik. O‘zbekistonda bugungi kunda bolalar va majburiy mehnat yo‘q, dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.
Senat raisi ushbu fikrlarni payshanba kuni bo‘lib o‘tgan odam savdosi hamda paxtachilik sohasida majburiy mehnatga qarshi tadbirda ma’lum qildi.
"Men shuni ishonch bilan aytamanki, bugun O‘zbekiston tizimli bolalar mehnati yo‘q qilingan davlatga aylandi", - dedi Narbayeva.
Narbayeva aytisho‘iga ko‘ra, paxta terimida majburiy va bolalar mehnatini yengish - mexanizatsiyalashtirish hamda mehnat haqini oshirish evaziga erishilgan.
Shuningdek, senat raisi yaqin 3-yil davomida O‘zbekistonga olib kelinayotgan kombaynlar va ularning ehtiyot qismlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilinishini hamda so‘nggi 6-yil ichida paxta terimi uchun to‘lov 10 baravar oshganini qayd etdi.
"Biz paxta terimini mexanizatsiyalashtirishni davom ettiramiz. Bunday choralar o‘tgan yillar davomida majburiy mehnatni kamaytirishga katta hissa qo‘shdi", — dedi Narbayeva.
Shu bilan birga Senat raisi majburiy mehnatga jalb qilish holatlari kamdan-kam uchrab turayotganini ham aytib o‘tdi va ularni butunlay yo‘q qilish uchun fuqarolik jamiyatlari vakillari jalb qilinayotganini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, 10-mart kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida "Cotton Campaign" xalqaro koalitsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, O‘zbekiston paxtasiga 2009-yilda e’lon qilingan boykot bekor qilinganini ma’lum qilgan edi. Ushbu qaror 2021-yilda O‘zbekistonda paxta yig‘im terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmagani munosabati bilan qabul qilingan.