TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Saudiya Arabistoni podshohligi Aviatsiya boshqarmasi "GACA" mamlakatga keluvchi yo‘lovchilar uchun COVID-19 bilan bog‘liq ba’zi cheklovlarga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar qildi.
Unga ko‘ra, endi koronavirus mavjud emasligi to‘g‘risidagi manfiy natijaga ega bo‘lgan QR-kodli PZR-test ma’lumotini Saudiya Arabistoniga kirishda taqdim etish tartibi bekor qilinadi.
Umra-2022 mavsumida mamlakatga safar qilayotgan ziyoratchilar uchun safardan oldin olinadigan PZR-test ma’lumotini taqdim etish talab etilmaydi.
Umra dasturida safar qiluvchi ziyoratchilar koronavirusga qarshi quyidagi vaksinalardan biri bilan emlangan bo‘lishi talab etiladi: Pfizer/BioNTech; Oxford-AstraZeneca; Moderna; Johnson & Johnson.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik ziyoratchilar ikki yillik tanaffusdan so‘ng 22-yanvardan Umraga yana safar qilishni boshlashgan edi. 10-fevraldan Umra safari uchun reyslar har kuni 2-martadan amalga oshirilmoqda.