TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Pokiston O‘zbekistonga go‘shtning birinchi partiyasini yubordi. Bu haqda mahalliy nashr “Business Recorder” yozmoqda.
Qiymati 400 ming dollarga baholanayotgan 18 tonna halol go‘sht ortilgan konteyner 9-mart kuni Karachidan yo‘lga chiqqan. U kelasi hafta Toshkentga yetib kelishi kutilmoqda. Yuk Pokistonning “Shaheen Group” va “Pyramid Logistics” kompaniyalari tomonidan tayyorlangan.
Yukni jo‘natish marosimida “Shaheen Group” rahbari Malik Sher Xon mart oxirigacha O‘zbekistonga yana 50 ta go‘sht ortilgan konteyner jo‘natilishini ma’lum qildi. Keyinchalik yuk hajmi oshirib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida "Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi" bitim imzolangan edi.
O‘tgan yilda ikki tomonlama savdo hajmi 50 foizga o‘sgan. Tovar ayirboshlashni yaqin yillarda 500 million dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.