TOShKENT, 9 mar — Sputnik. O‘zbekistonda bank kartalaridan pul o‘g‘irlash uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 169-moddalarini (o‘g‘rilik) og‘irlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.
Deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, axborot texnologiyalaridan yoki elektron to‘lov vositasi yoxud masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanib sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun javobgarlikni JK 168-moddasining uchinchi qismiga og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, axborot tizimiga ruxsatsiz kirib yoki elektron to‘lov vositasi yoxud masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimidan foydalanib sodir etilgan o‘g‘rilik jinoyati uchun javobgarlikni JK 169-moddasining uchinchi qismiga og‘irlashtiruvchi holat sifatida kiritish nazarda tutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablag‘larini yashirin ravishda talon-toroj qilish, fuqarolarning ishonchiga kirib uning hisob raqami yoki plastik kartasidagi pul mablag‘larini o‘g‘irlash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.