TOShKENT, 6 mar — Sputnik. Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainadagi maxsus operatsiya davomida amalga oshirilayotgan harbiy biologik dasturi faktlarini oshkor qilishdi. Dasturni AQSh moliyalashtirayotgan bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina biolaboratoriyalari xodimlaridan 24-fevral kuni o‘ta xavfli patogenlarni: o‘lat, kuydirgi, tulyameriya, vabo va boshqa halokatli kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarini zudlik bilan yo‘q qilish ma’lumoti olingan.
“Ravshanki, maxsus harbiy operatsiya boshlanishi bilan Pentagon Ukraina hududida maxfiy biologik tadqiqotlar olib borayotgani fosh bo‘lishidan jiddiy tashvishga tushgan”, - dedi Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili.
Vashington va Kiyev tomonidan bakteriologik (biologik) va toksik qurol-yarog‘ini taqiqlash to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasining birinchi moddasi buzilishini yashirish uchun Ukraina Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha biolaboratoriyalarga xavfli patogenlar zaxiralarini zudlik bilan yo‘q qilishga oid ko‘rsatma yuborgan.
Yaqin kunlarda Rossiya Mudofaa vazirligi olingan hujjatlar tahlili natijalarini taqdim etmoqchi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21-fevral kuni Donesk va Lugansk respublikalari so‘roviga binoan ushbu ikki respublikani tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. 24-fevral kuni erta tongda esa Donbass hududida maxsus harbiy operatsiya boshlandi. Uning maqsadi – Ukrainadagi harbiy infratuzilmani yo‘q qilish va uni millatchilardan tozalash.
Rossiya Mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, zarbalar faqat harbiy infratuzilma va o‘q-dori omborlariga berilmoqda, tinch aholi turar joylari va shaharlarga zarba berilgani yo‘q.