Polsha chegarasida o‘zbekistonliklar avtohalokatga uchradi, qurbonlar bor

O‘zbekistonliklar Polsha chegarasiga kiraverishda avtohalokatga uchrashgan. Mashinada bo‘lgan 20 yoshli yigit halok bo‘lgan.
Sputnik
TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Polsha chegarasida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi avtohalokatga uchradi. Bu haqda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning uch fuqarosi: Otabek Hakimov (2001 yilda tug‘ilgan), Behzod Husainov (2001 yilda tug‘ilgan) va Sherzod Salohiddinov (2001 yilda tug‘ilgan) Polsha chegarasiga kiraverishda avtohalokatga uchragan.
YTH oqibatida Otabek Hakimov voqea joyida vafot etgan, qolgan ikki o‘zbekistonlik Lvovdagi shahar kasalxonasiga olib borilgan.
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi zudlik bilan elchixona ko‘ngillilari guruhi vakili, malakali shifokor Temurbek Yusupovni Lvovga jo‘natgan.
Ta’kidlanishicha, elchixona O. Hakimovning jasadini tez vaqtda O‘zbekistonga jo‘natish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Ukrainadagi o‘z fuqarolarini Polsha orqali evakuatsiya qilmoqda. 28-fevral kuni 5-martga qadar 14 ta aviareys bilan 3 245 nafar fuqaro vataniga qaytarilgan. Sumi viloyati ma’muriyati bilan bu yerdagi oliygohlarda o‘qiyotgan 25 o‘zbek talabasini olib chiqish uchun "yashil yo‘lak" ochish masalasi ishlab chiqilmoqda.