Samarqandda elektrobuslar paydo bo‘ladi

Samarqandda jamoat transporti xizmati sifatini oshirish maqsadida elektrobuslar olib kelinadi hamda ayrim avtostansiyalar shahar tashqarisiga ko‘chiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 5 mar - Sputnik. Samarqandga yil oxiriga qadar 50ta elektrobus olib kelinadi. Bu haqida O‘zA xabar qilmoqda.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 2022-yilda 50 ta elektrobuslar sotib olinib, shahar yo‘nalishlariga joylashtiriladi. Yaqin yillarda esa bunday transport vositalari sonini 200 taga yetkazish ko‘zda tutilgan, - deyilgan xabarda.
Samarqandda mehmonlar va viloyat aholisiga qulaylik yaratish maqsadida shahardagi mavjud avtovokzal va avtostansiyalar shaharning chekka hududlariga ko‘chiriladi.
Jumladan, “Cho‘pon-ota” massivi va Samarqand tumanidagi sobiq parrandachilik fabrikasi hududida bittadan, Qorasuv massivi hududida esa ikkita yangi avtostansiya quriladi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yaqinda o‘tkazilgan sessiyasida viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand shahrida transport vositalari kun sayin ko‘payib borayotgani natijasida yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelayotgani, aholiga qulaylik yaratish maqsadida jamoat transportini ko‘rsatish sifati va qamrovini oshirish kerakligini ta’kidlagan edi.