TOShKENT, 3 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonga davlat tashrifi bilan jo‘nab ketdi. Mazkur tashrif Pokiston bosh vaziri Imron Xonning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu tashrifda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalarida amaliy sheriklikni rivojlantirish choralari muhokama qilinadi.
Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy maslalalar yuzasidan ham fikr almashiladi. Muzokaralar natijasi bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya va qator hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning iyulida Pokiston bosh vaziri Imron Xon O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Tashrif doirasida 8 ta hujjat, jumladan, tranzit va savdo to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar almashilgan.