TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Agar Britaniya kompaniyasi Roskosmos talablarini bajarmasa OneWeb bankrot bo‘lish ehtimoli katta, deb hisoblaydi soha eksperti Andrey Ionin.
Mutaxassis aytishiga ko‘ra, OneWeb o‘z sputniklarini boshqa raketaga ko‘chirguncha ikki yil vaqt ketadi. U vaqtga kelib Ilon Maskning SpaceX internet sputniklari yana bir necha mingtaga ko‘payadi va OneWeb uchun bozorda joy qolmaydi. Bundan so‘ng kompaniya bankrot bo‘lmasligi amri mahol.
Eslatib o‘tamiz, OneWeb - yuqori tezlikda ishlaydigan global sputnik internet aloqasi xizmati bo‘lib uning birinchi bosqichi 2022-yilda ishga tushishi rejalashtirilgan edi. 2022-yil davomida Roskosmos 6ta raketasi yordamida ularni Yer orbitasiga olib chiqishni rejalashtirgan edi.
Britaniya hukumatining Rossiyaga nisbatan nodo‘st harakatlaridan so‘ng Roskosmos sputniklarni uchirishidan oldin ulardan harbiy maqsadlarda foydalanmaslik kafolati hamda Britaniya hukumatining kompaniya aksionerlari safidan chiqish talabini qo‘ydi. OneWeb hozircha ushbu talablarni bajargani yo‘q. Talabni bajarish muddati 4-mart 21:30gacha. Navbatdagi raketa 5-mart kuni soat 01:41da start olishi belgilangan edi. Ayni damda OneWeb sputniklari o‘rnatilgan "Soyuz" raketasi Baykonur kosmodromida startga shay holda turibdi.