TOShKENT, 2 mar – Sputnik. Pandemiya va “masofaviy” ta’limga qaramasan O‘zbekistonda umumta’lim muassasalari soni oshmoqda, deb xabar qildi Davlat Statistika qo‘mitasi.
Xususan, 2021-2022 o‘quv yili boshida shaharlarda joylashgan umumta’lim muassasalar o‘tgan yilga nisbatan 28taga oshib 3921 tani tashkil etgan. Qishloq joylarda esa ushbu davr mobaynida maktablar soni 80taga oshib ko‘payib, 6368 tani tashkil etgan, - deyilgan xabarda.
Qayd etish joizki, O‘zbekistonda umumta’lim muassaslari soni so‘nggi yillarda to‘xtovsiz oshib kelmoqda. Respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari soni 1991-yilda 8557ta bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilga kelib ularning soni 10 090taga yetgan. Viloyatlar kesimida eng ko‘p maktab Samarqand (1260), Qashqadaryo (1141) va Farg‘ona (960) viloyatlari hududida joylashgan. Maktablar soni eng kam bo‘lgan hududlar esa – Sirdaryo viloyati (312), Toshkent shahri (355) va Navoiy viloyati (367).