TOShKENT, 28 fev — Sputnik. O‘zbek bokschilari Bolgariyadagi “Stranja” xalqaro musobaqada umumjamoa hisobida birinchi bo‘lishdi. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar bermoqda.
Musobaqalar Sofiya shahrida 22-27 fevral kunlari bo‘lib o‘tdi. Unda jahonning 37 mamlakatidan 370 nafardan ortiq erkak va ayol bokschilari ishtirok etishdi.
Musobaqa erkaklar o‘rtasida 13, ayollar o‘rtasida esa 12 ta vazn toifasida tashkil etildi. O‘zbekiston terma jamoasi mazkur turnirda 8 nafar erkak va 5 nafar ayol bokschi bilan qatnashib, 6 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Hasanboy Do‘smatov (-51 kg), Abdumalik Xalakov (-57 kg), Mujibillo Tursunov (-63,5 kg), Odiljon Aslonov (-80 kg), Madiyar Saidrahimov (-92 kg) va Lazizbek Mullojonov (+92 kg) oltin medalga ega chiqishdi. Tursunoy Rahimova esa (-52 kg) bronza bilan kifoyalandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Rossiya terma jamoasi esa 5 ta oltin bilan ikkinchi o‘rindan joy oldi . Kuchli uchlikka esa Qozog‘iston terma jamoasi 4 ta oltin medal bilan yakun yasadi.