TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasiga tamal toshi qo‘ydi. U Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilmoqda. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Marosimda “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abdulla Abunayan, soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
“Bu yerda quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi barpo etilishi hudud iqtisodiyotiga qo‘shimcha kuch, zamin bo‘ladi”, - Shavkat Mirziyoyev.
Yillik quvvati 360 million kilovatt-soat bo‘lgan ushbu loyiha 108 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi.
Bu loyiha ishga tushgach, 110 ming xonadonni qo‘shimcha elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi. Yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Loyiha doirasida 25 ta shamol turbinasi o‘rnatiladi, 20 kilometr bo‘lgan 220 kilovatt kuchlanishli elektr uzatish havo liniyasi qurilib, bu quvvatlar mamlakat yagona energetika tizimi bilan to‘liq ulanadi.
Prezident loyiha uchun zarur narsalarni mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Masalan, “Taxiatosh metall konstruksiya” zavodida tayanch ustunlar, “Nukus elektr apparat” korxonasida transformator va elektr texnika jihozlari, boshqa korxonalarda esa – kabel va o‘nlab turli mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mumkin.