Fuqarolarga 15,1 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi – DSQ

86,7 ming kishi xaridlardan qaytadigan 1 foizlik keshbekka ega bo‘lgan va ularga bu pullar to‘lab berilgan.
Sputnik
TOShKENT, 24 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 86,7 ming nafar iste’molchiga xaridlardan qaytadigan 15,1 mlrd so‘m keshbek to‘lab berildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan oy mobaynida 276 302 ta xarid chekiga hisoblangan yana 5,4 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘lanmasdan qolmoqda.
Bunga 17 517 ta tadbirkorlik subyektlarining soliq hisobotlaridagi kamchiliklar sabab bo‘lmoqda:
- 2 763 ta tadbirkor (hisoblangan keshbek 2,6 mlrd so‘m) hisobotlarida chek ma’lumotlari to‘liq aks ettirilmagan;
- 12 406 ta tadbirkor (hisoblangan keshbek 1,4 mlrd so‘m) umuman hisobot topshirmagan;
- 2 348 ta tadbirkorning 1 mln so‘mdan yuqori soliq qarzi mavjud (hisoblangan keshbek 1,4 mlrd so‘m).
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotlari topshirilishi, kamchiliklar tuzatilishi hamda ularning qarzdorligi kamayishi bo‘yicha kunlik o‘zgarishlar real vaqt rejimida inobatga olinib, hisoblangan keshbek summasi tasdiqlanadi.
Avvalroq yanvar oyida amalga oshirilgan va “Soliq” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan xaridlardan qaytadigan 1 foizlik keshbek 21−25 fevral kunlari to‘lab berilishi xabar qilingan edi.
2022 yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xarid qilib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.