“Achchiq, asosli, manfaatli gaplarni aytinglar”: Mirziyoyev mo‘ynoqliklar bilan uchrashuvda

Prezident mo‘ynoqliklarning takliflarini tinglab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Sputnik
TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Mo‘ynoqqa tashrifi chog‘ida yoshi ulug‘lar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar bilan uchrashdi.
Tashrifdagi yana bir yangilik - Orolbo‘yini birgalikda rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari muayan viloyatlarga biriktirilgan. Davlat rahbari buning sababi va ahamiyatini tushuntirib berdi.
“Orolbo‘yida ahvol yomon deb ko‘pchilik gapiradi. Lekin hamma ham bu yerga kelib ko‘rmagan. Orolning havosidan nafas olishi, sharoitni ko‘rib, adolatli baho berishi uchun bu yerga butun respublikadan rahbarlarni yubordim. Qoraqalpog‘iston rivojiga katta mablag‘ yo‘naltiramiz”, - dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari Mo‘ynoqdagi dolzarb masalalar, kelgusi ishlar bo‘yicha aholi fikrini so‘radi.

"Bu yerda qiyinchiliklarda toblangan, mehnatkash odamlar yashaydi. Faqat ularga ishlash uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Lekin qanday korxona quramiz? Nima ishlab chiqaramiz? Uning bozori nima bo‘ladi? Samolyot kelgani bejiz emas. Endi mahsulotlarni tashish osonlashadi. Shuning uchun sizlardan iltimosim: achchiq, asosli, manfaatli gaplarni aytinglar. Birgalikda yaqin ikki yilga aniq rejalarni belgilab olishimiz kerak”, - dedi prezident.

Jamoatchilik vakillari hududdagi muhim masalalar bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Prezident ularni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bilan birga xizmat turlarini kengaytirish, xususan, ko‘ngilochar o‘yinlar uchun soliq imtiyozlari berish zarurligini ta’kidladi.
Prezident: shifokorlar poytaxtdan Qoraqalpog‘istonga kelib ishlasa, 100 foiz ustama to‘laymiz
Mo‘ynoq tumaniga Toshkent viloyati biriktirilgan. Uchrashuvda ushbu viloyat tadbirkorlari Mo‘ynoq tumanida amalga oshiriladigan ishlar haqida aholi vakillari oldida taqdimot o‘tkazishdi. Bu yerda istirohat bog‘i quriladi, qo‘shimcha quvur tortib kelinadi. Keksalar sanatoriy, bolalar oromgohlarga yuboriladi.