Ish beruvchilarga 90 foiz xodimlarini kovidga qarshi emlash majburiyati yuklandi

Korxonalarning buster doza bilan emlanmagan xodimlari vaqtinchalik ishdan chetlashtiriladi. Buni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qat’iy nazorat qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 fev — Sputnik. O‘zbekistonda ish beruvchilarga xodimlarining koronavirusga qarshi emlanganlik, shu jumladan, buster doza bilan emlanish darajasi 90 foizdan kam bo‘lmasligiga erishish majburiyati yuklatildi. Bunday qaror Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida qabul qilindi.
Davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlar xodimlarining koronavirusga qarshi, shu jumladan, buster doza bilan emlanmaganligi aniqlanganda, ular vaqtinchalik ishdan chetlashtiriladi.
Xodim buster doza bilan emlanishni rad etganda, ish beruvchi uni vaqtincha ishdan chetlashtirishini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qat’iy nazoratga oladi.
22 fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirusga qarshi vaksinaning 45 239 417 dozasidan foydalanilgan. Emlanishi kerak bo‘lgan aholining 91,6 foizi birinchi dozani olib ulgurgan, 71,7 foizi esa to‘liq emlanib bo‘lgan.
Avvalroq O‘zbekistonda fuqarolarga 1-martdan ochiq havoda niqob taqmaslikka ruxsat berilishi haqida yozgan edik.