To‘rtta tumanda o‘zboshimchalik bilan egallangan yerlar yangi usul bilan aniqlanadi

Sinov tariqasida poytaxt va Toshkent viloyatida koinotdan olingan suratlarni qayta ishlash orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni aniqlash boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Toshkentda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer va noqonuniy binolar kosmik suratlar orqali fosh etiladi. Bu prezident imzolagan “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan.
2022 yil yakunigacha sinov tariqasida Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod (Toshkent shahri) hamda Qibray va Toshkent tumanlari (Toshkent viloyati)da o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini hamda noqonuniy bino va inshootlarni kosmik suratlarni qayta ishlash orqali aniqlash choralari ko‘riladi.
Bunga “O‘zbekkosmos” agentligi, Kadastr agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar mas’ul etib belgilangan.
Kosmik suratlarni olish va ularni qayta ishlash bilan bog‘liq xarajatlar “O‘zbekkosmos” agentligi va Kadastr agentligining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Yerlardan foydalanishda jamoatchilik nazorati kuchaytirildi
Sinov natijalaridan kelib chiqib, buni respublikaning butun hududida joriy etish yuzasidan taklif 2023 yil 1-martga qadar Prezident administratsiyasiga kiritilishi shart.