TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Kobulga keldi, deb xabar qildi Sputnik Afg‘oniston.
Hozircha O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonning amaldagi hukumat vakillari bilan qanday masalalarni muhokama qilishi haqida ma’lumot berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oktabr oyida Termiz shahrida O‘zbekiston va Afg‘oniston delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Undan infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirish, xususan, Surxon – Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini o‘tkazish va “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurishga alohida e’tibor qaratilgandi.
Tomonlar ustuvor sohalarda mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha birinchi darajali vazifalarni belgilab oldilar. Uchrashuv yakunida qator ikki tomonlama kelishuvlarga erishilgandi.
O‘zbekiston afg‘on xalqiga sentabr oyida 1,3 ming tonna, dekabrda 63 ta vagonda insonparvarlik yordamini jo‘natgandi.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Abbos Stanakzay mamlakat uchun og‘ir damlarda ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga butun afg‘on xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirgandi.
Mavzuga doir materiallar: