TOShKENT, 22 fev — Sputnik. “Uy-joylar qurilishini va qurilish materiallari sanoatini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq:
8 ta tumanda xomashoni qazib olishdan uni qayta ishlash, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish, tayyor qurilish va pardozbop materiallar ishlab chiqarishgacha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlari tashkil etiladi;
16 ta tuman va shaharda boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi;
har bir hududda kamida bittadan qurilish materiallarini ishlab chiqarishdan qurilish obyektlarini loyihalashtirish va tayyor ko‘p qavatli uy-joylar qurishgacha qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratuvchi uy-joy qurilishi klasterlari tashkil etiladi.
2022 yil 1-martdan:
barcha yuridik shaxslarga respublikada ishlab chiqariladigan sement, sement klinkeri va qurilish oynasini cheklovlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi;
2024 yil 1-yanvargacha mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
Qaror bilan 2022–2023 yillarda yangi noruda konlarini shakllantirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirishning manzilli rejasi tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 2022–2023 yillarda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga geologiya-qidiruv ishlari uchun 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, 400 ta foydali qazilma kon uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.