TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Toshkentdagi hayvonot bog‘ida ayiq oldiga tashlab yuborilgan qizaloq Z.A. shifoxonadan uyiga qaytdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, barcha tibbiy ko‘riklar ijobiy natija ko‘rsatgan va uning ruhiy holati meyorida.
“Shularni inobatga olib, unga yaqinlari hamrohligida uyiga ruxsat berildi. Qizaloq hozircha buvisining qaramog‘ida bo‘ladi”, - deyilgan xabarda.
Uning sog‘lig‘i 18 yoshga to‘lguniga qadar nazorat ostida bo‘ladi. Bunga Bolalar milliy tibbiyot markazi va uning direktori, tibbiyot fanlari doktori Alisher Sharipov shaxsan mas’ul etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda yosh ayol noma’lum sabablarga ko‘ra 3 yoshli qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgani xabar qilingan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan.
Keyinchalik Bosh prokuratura matbuot xizmati ayol 2021-yilning iyul oyidan buyon ruhiy asab kasalliklari dispanserida ro‘yxatda turganligini ma’lum qildi. Uning jinoyat sodir qilgan paytdagi ruhiy holatini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlangan.