TOShKENT, 20 fev — Sputnik. 2022 yilning yanvar oyida O‘zbekistonga qiymati 3,1 mln dollarga teng bo‘lgan 122 ta elektromobil olib kelingan. Bundan Davlat statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlari darak bermoqda.
Elektromobil importi 2021-yilning mos davriga nisbatan 70 taga oshgan. O‘tgan yili yanvarda 52 ta elektrokar olib kelingan edi.
Elektromobillarning deyarli barchasi Xitoydan xarid qilingan – 119 ta. Estoniyadan 2 ta, Germaniyadan esa 1 ta import qilingan.
2021 yilda O‘zbekistonga qiymati 16,9 mln dollarga teng bo‘lgan jami 809 ta elektromobil import qilingan edi. Ular ham asosan Xitoydan keltirilgan – 724 ta.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektromobillar importiga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish maqsadida imtiyozlar berilgan. Xususan, elektromobillarni olib kirishda aksiz solig‘i va bojxona to‘lovlari olinmaydi.