TOShKENT, 19 fev — Sputnik. Birgina energiya tejamkor lampa o‘rnatilishi hisobiga bir yilda 156 million kilovatt/soat elektr energiyasi tejalishiga erishish mumkin.
Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, hukumatning qarori bilan O‘zbekistonda 2016-yil 1-iyuldan quvvati 40 vattdan yuqori bo‘lgan cho‘g‘lanma lampalarni erkin muomalaga chiqarish, 2017-yil 1-yanvardan esa ularni sotish taqiqlangan. Hozirda O‘zbekistonda energiya samarasiz cho‘g‘lanma lampa ishlab chiqarilmaydi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bunday lampalar chet davlatda ishlab chiqariladi va eksport qilinadi.
Bugungi kunda ham bozor rastalarida ushbu 40 vattdan yuqori bo‘lgan, samaradorligi juda past bo‘lgan cho‘g‘lanma lampalar sotilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar foydalanilayotgan 100 vatt quvvatli cho‘g‘lanma lampalarni 7 vatt quvvatli energiya tejovchi lampalarga almashtirilsa, sutka davomida 8 soat ishlaganda quyidagilar sarflanadi:
100 vatt quvvatli lampa bir kunda o‘rtacha 8 soat ishlasa 800 vatt/soat, bir oyda esa 24 kilovatt/soat elektr energiyasi sarflaydi;
7 vatt quvvatli energiya tejovchi lampa esa, bir kunda 8 soat ishlasa 56 vatt, bir oyda (30 kun) 1,6 kilovatt/soat elektr energiyasi sarflaydi.
Demak, bir dona energiya tejovchi lampa bir oyda 22,4 kilovatt/soat elektr energiyasini iqtisod qiladi. Bu esa elektr energiyasining amaldagi 295 so‘m tarifi bo‘yicha hisoblaganda, bir dona energiya tejovchi lampa bir oyda 6 608 so‘m, bir yilda esa 79 296 so‘m iqtisod qiladi.
100 vatt quvvatli energiya samarasiz lampa beradigan nur o‘rnini undan 15 marotaba energiya tejamkor bo‘lgan 7 vatt quvvatli LED lampasi bosa oladi.
O‘zbekistondagi 7 million xonadon misolida tahlil qilinsa, birgina energiya tejamkor lampa o‘rnatilishi hisobiga bir yilda 156 million kilovatt/soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi. Ushbu bir dona energiya tejamkor lampa orqali tejalgan elektr energiyasi 1 045 ta xonadonning bir oylik iste’molini tashkil qiladi.