TOShKENT, 18 fev - Sputnik. Ushbu yilning aprel oyidan boshlab barcha nogironligi bor shaxslarga bir xil - 622 ming so‘mdan nafaqa to‘lanadi.
Bu haqida prezidentining 16-fevral kuni imzolangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kuchaytirish to‘g‘risida”gi farmonida aytib o‘tilgan.
Qarorda xususan quyidagilar ta’kidlangan:
Nogiron bo‘lib qolishi muddatidan qat’i nazar nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir xil miqdorda 622 ming so‘mga teng nafaqa tayinlanib boriladi. Daslabki hisob-kitoblarga asosan 49 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa 41 % oshadi;
Ushbu miqldordan past bo‘lgan nogironlik nafaqalari 622 ming so‘mgacha yetkaziladi. Bunda nogironlik pensiyasini oluvchi 133 ming shaxslarning pensiya miqdori o‘rtacha 29 foizga oshadi.
Nogiron bolalarni parvarish qiluvchi ota-onalarga minimal iste’mol xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorda (500 ming so‘m) nogiron bola parvarishi uchun yangi nafaqa joriy etiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda nogironlanga bo‘lgan e’tibor tobora kuchayib bormoqda. Xususan, yanvar oyining boshida O‘zbekiston ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan va bosma axborotni idrok etishda boshqa jihatdan qobiliyati cheklangan shaxslarning nashr etilgan asarlardan foydalanishini yengillashtirish to‘g‘risidagi Marokash shartnomasiga qo‘shilgan edi.