TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) taqiqlangan “Islom davlati”* xalqaro terrorchilik tashkiloti a’zosini qo‘lga olib, O‘zbekitonga olib keldi.
DXX ma’lumotlariga ko‘ra, 53 yoshli xivalik D.U. 28 yoshli o‘g‘li D.X. bilan 2009-2015 yillarda Rossiyada ishlab yurgan paytida ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib qolgan.
2015 yilning sentabrida ota-bola Tojikistonning soxta pasportini rasmiylashtirib, Turkiya orqali Suriyaga borishgan. U yerda “Islom davlati”* tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilib, jangovar harakatlarda ishtirok etishgan.
Keyinroq D.U. Suriyadan MDH davlatlaridan biriga qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish maqsadida qaytib kelgan. DXX xodimlarining xorijiy hamkorlar bilan birgalikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan.
Qo‘lga olish vaqtida D.U. faol qarshilik ko‘rsatgan, keyin o‘zining “jihod” qilish borasidagi qarashlaridan voz kechmaganini aytgan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. O‘g‘li esa qidiruvga berilgan.
* O‘zbekiston va qator davlatlarda taqiqlangan