Moliyaviy qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarga pul beriladi

Prezident qarori bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. O‘zbekistonda 1-apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar berganlar mukofotlanadi. Bu prezident imzolagan Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida qarorda belgilangan.
Qaror bilan Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.
2023 yil 1-yanvargacha “Elektron nazoratchi-taftishchi” dasturiy majmuasi to‘liq ishga tushiriladi.
Inspeksiyada budjet hisobidan amalga oshirilgan qurilishlar uchun qilingan to‘lovlar haqiqatda bajarilgan ish hajmiga muvofiqligi ustidan nazorat o‘rnatish uchun Qurilish obyektlarida nazorat o‘lchovini amalga oshirish boshqarmasi (40 ta shtat birligidan iborat) tashkil etiladi.
“2022 yil 1-apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarga mukofot to‘lanadi”, - deyilgan hujjatda.
2022 yil 1-noyabrgacha Inspeksiya xodimlari moliyaviy nazorat va ichki audit sohasidagi xalqaro tajribalar asosida maxsus o‘quv kurslarida o‘qitiladi.
2022 yil 1-noyabrdan Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimlariga malaka sertifikati berish tizimi joriy etiladi.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonda noqonuniy daraxt kesilishi haqida xabar berganlarga pul to‘lanadi
Tabiatga zarar yetkazganlik haqida xabar bergan o‘zbekistonliklar pul mukofoti oladi