TOShKENT, 15 fev - Sputnik. O‘zbekiston "Skolkovo" bilan ta’lim va kasbiy tayyorgarlik sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning “Skolkovo” Moskva boshqaruv maktabi rektori Yu.Levin bilan uchrashuvida kelishib olindi.
Uchrashuvda tomonlar boshqaruv kadrlarining kasbiy tayyorgarligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish uchun O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim ekotizimini yaratish masalasini muhokama qilindi.
Xususan, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan “O‘quv markazi”ni tashkil etish va unda nafaqat davlat tuzilmalari kadrlarini, balki xususiy biznesning top-menejerlarini va O‘zbekiston ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini ham biznes boshqarish sohasida o‘qitish masalalari muhokama qilindi.
Buning uchun O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari uchun o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning dolzarbligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha xalqaro iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum tasdiqlandi. Hujjat maktab rektori Yu.Levin va O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari H.Teshabayev tomonidan imzolandi.