Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabbiyi vafot etdi

Rustam Akramov Mustaqillikning ilk yillarida futbol bo‘yicha milliy terma jamoani boshqargan.
Sputnik
TOShKENT, 15 fev — Sputnik. O‘zbek futboli rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan, pedagogika fanlari doktori, professor Rustam Akramov 73 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mita matbuot xizmati.
Rustam Akromov 1948-yil 11-avgust kuni Toshkent viloyatida dunyoga kelgan. U faoliyati davomida o‘zbek va Sobiq Ittifoq futboli rivoji uchun ulkan hissa qo‘shgan mutaxassis. 1990-1992 yillar mobaynida Jazoirning “USM” (Union Sportive de la Médina d’Alger) klubi va milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan.
Rustam Akramov O‘zbekiston Mustaqillikka erishganidan so‘ng futbol bo‘yicha milliy terma jamoani boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi.
1992-1994 yillarda terma jamoa u boshchiligida Markaziy Osiyo chempionati va 1994-yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.
Rustam Akramovich 1995-1997 yillar Hindiston terma jamoasini boshqargan. Keyinchalik OFK texnik direktori va FIFA instruktori bo‘lib ham ishlagan.
U o‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Shuhrat” medali va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.