TOShKENT, 14 fev — Sputnik. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an joriy yil mart oyi oxirlarida Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda u Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Oqsoqollar kengashi a’zolarini qabul qilish chog‘ida ma’lum qildi.
Istanbuldagi "Vahdetdin" qarorgohida uchrashuvda tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan.
Oqsoqollar kengashining a’zosi B.Sayfullayev O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan Markaziy Osiyoda muhit tomoman yangilanib, yaxshi qo‘shnichilik aloqalari tiklangani, TDTga a’zo davlatlar bilan mustahkam birodarlik rishtalari bog‘laganini bildirgan.
“Bu fikrni Erdo‘g‘an Janobi Oliylari qo‘llab-quvvatlab, joriy yil mart oyi oxirlarida Toshkentga borishni rejalashtirayotgani, kuzda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti ushbu Tashkilot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonishini bildirdi”, - deyiladi Senat xabarida.
O‘zbekistonda turkiyalik tadbirkorla ishtirokidagi korxonalar 1 912 tani tashkil etadi. Mamlakatdagi qo‘shma korxonalar soni bo‘yicha Rossiya yetakchi (2 313 ta).