Shtaynmayer ikkinchi muddatga Germaniya prezidenti etib saylandi

Frank-Valter Shtaynmayer 2017-yil 19-martidan buyon Germaniya prezidenti lavozimni egallab kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Germaniya Federativ Respublikasi (GFR) prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ikkinchi muddatga bu lavozimga qayta saylandi. Bu haqda 13-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Federal yig‘ilishda raislik qilgan bundestag spikeri Berbel Bas ma’lum qildi.
GFR Federal yig‘ilishi mamlakat prezidentini saylash uchun chaqiriladigan maxsus konstitutsiyaviy organ hisoblanadi. U bundestag deputatlari va Germaniya mintaqa parlamentlari tayinlaydigan vakillardan iborat.
Shtaynmayer nomzodini yoqlab 1435 saylovchidan 1045 nafari ovoz bergan. Yig‘ilishning 86 a’zosi betaraf qolgan. Yana 294 kishi boshqa nomzodlarga ovoz bergan. Shtaynmayeran tashqari yana uch kishi o‘z nomzodini ko‘rsatgandi.
66 yoshli Frank-Valter Shtaynmayer 2017-yil 19-martidan buyon Germaniya prezidenti lavozimni egallab kelmoqda. O‘shanda siyosatchi Yoaxim Gaukning o‘rnini egallagandi.
Germaniyaning 40 yoshga yetgan va saylanish huquqiga ega har bir fuqarosi mamlakat prezidenti bo‘lishi mumkin. Prezident 5-yilga saylanadi, bu lavozimga faqat bir marta qayta saylanish mumkin.