TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Prognozlashtirish va maqroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) 2026-yilgacha O‘zbekiston mehnat bozorida bandlik prognozi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi.
Prognozga ko‘ra, aholining sanoatda bandlik darajasidagi ulushi 17,2 foizgacha oshadi, qishloq xo‘jaligida esa 24,2 foizgacha qisqaradi. Xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lganlar ulushi 58,6 foizni tashkil etadi.
Sanoat
2026 yilga borib sanoatda bandlik darajasi 2020-yildagiga nisbatan 3,6 foizga oshadi. Bunga investitsiya dasturlarida doirasida yirik sanoat korxonalari va klasterlarning tashkil etilishi ko‘mak beradi. Ishlab chiqarish quvvatlarini kuchaytirish va yangi noan’anaviy ishlab chiqarish evaziga bu soha uchun har yili o‘rtacha 150 ming kishiga talab bo‘ladi.
Hududlar (Buxoro, Jizzax, Namangan, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari)ni rivojlantirish ularning sanoatlashish darajasini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida sanoatda bandlik va mehnat unumdorligini oshiradi.
Hududlar kesimida sanoatda band bo‘lganlarning eng katta ulushi Navoiy (28,9 foiz), Toshkent (22,8 foiz), Farg‘ona (19,6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (20,3 foiz)ning hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerlarda Sanoatda band bo‘lganlarning 45 foizdan ortig‘i ishlaydi.
Qishloq xo‘jaligi
Ushbu sohada band bo‘lganlar ulushi 2026-yilga borib 26,7 foizdan 24,2 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Qishloq aholisi ko‘proq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga jalb etiladi.
Bu esa o‘z navbatida sohadagi eksport hajmini kengaytirish imkonini beradi. Qishloq xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 35 mingga yaqin kadr zarur. Mazkur tarmoq uchun kadrlarga bo‘lgan talabning pastligi band aholining qishloq xo‘jaligidan ozod etilishi va ishlab chiqarishga jalb etilishi bilan asoslanadi.
“Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston sharoitida qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar sonini keskin qisqartirish mumkin emas, chunki aholining 50 foizdan ortig‘i qishloqlarda istiqomat qiladi. Qishloq xo‘jaligidan bunday tez ozod qilish ishsizlar sonini oshirib yuborishi mumkin”, - deyilgan xabarda.
Qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning eng yuqori ulushi Sirdaryo (46,8 foiz), Jizzax (41,8 foiz) va Surxondaryo (36,3 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Xizmat ko‘rsatish
Ekspertlar 2026-yilga borib bu sohada band bo‘lganlarning ulushi 58,6 foizni etishini taxmin qilishmoqda. Bunda asosiy e’tibor ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va norasmiy sektorda ishlayotganlar sonini qisqartirishga qaratiladi. Kadrlarga bo‘lgan talab har yili o‘rtacha 220-250 ming kishini tashkil qiladi.
Prognoz hisob-kitoblariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasi hududlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va mexanizmlarni hisobga olgan holda rivojlanadi, shuningdek, masofadan turib, shu jumladan qishloq joylarda onlayn ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini raqamlashtirish hisobiga kengaytiriladi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi tarmoqlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanadi va ushbu sohada kadrlarga talab ortishi, aniqrog‘i yiliga o‘rtacha 3,3 mingdan ortiq mutaxassisga ehtiyoj sezilishi kutilmoqda.
Moliya sohasidagi mutaxassislarga bo‘lgan talab barqaror o‘sib boradi. Yillik ehtiyoj 2 ming kishini tashkil etishi kutilmoqda. Qurilish, transport, savdo va umumiy ovqatlanish kabi tarmoqlarda ham bandlik darajasi ortadi.
Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida band bo‘lganlar ulushi biroz oshadi. Bu tarmoqlarda tayyorlanayotgan kadrlar sifatini oshirishga jiddiy e’tibor beriladi. Uy-joy kommunal xo‘jaligida bandlik darajasi barqaror sur’atda oshib boradi.
Ta’kidlanishicha, bu soha ko‘proq Toshkent shahrida (79 foiz band bo‘lganlar), Namangan (62 foiz), Qashqadaryo (62 foiz) viloyatlarida, Qoraqalpog‘istonda (60 foiz) rivojlanadi.
Kelgusida O‘zbekiston mehnat bozorida shifokorlar, muhandislar, texnologlar, dasturchilar va yuqori malakali o‘qituvchilarga talab yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
PMTI kadrlarga bo‘lgan talabni sifatli prognozlash uchun har chorakda ish beruvchilar o‘rtasida kadrlarga bo‘lgan talabni kasblar bo‘yicha aniqlash maqsadida so‘rov o‘tkazishni tavsiya qiladi.
Bu birinchi navbatda mehnat bozorida kadrlarga bo‘lgan haqiqiy ehtiyojni aniqlash, talab past bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, iqtisodiyotning kadrlarga bo‘lgan uzoq va o‘rta muddatli ehtiyojini tarmoqlar va kasblar bo‘yicha sifatli prognozlarni hisoblash imkonini beradi.