TOShKENT, 13 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari koronavirus pandemiyasi sabab to‘xtatib qo‘yilgan temir yo‘l va avtobus qatnovini qayta tiklash jarayonlarini tezlashtirish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston trasport vazirligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Qozog‘iston ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“Uchrashuvda tomonlar epidemiologik talablarni yengillashtirish va quruqlik transportida yo‘lovchi tashishni qayta tiklash jarayonlarini tezlashtirish muhimligini tasdiqlashdi”, - deyilgan xabarda.
Shuningdek, avtomobil va temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikdagi Turkiston – Chimkent – Toshkent tezurar temir yo‘li hamda “Uchquduq – Qizilo‘rda” transport yo‘lagi infratuzilma loyihalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ikki davlat havo hududlari bo‘ylab havo harakatiga xizmat ko‘rsatishda yangi marshrutlar joriy etish masalasi muhokama qilingan.
Eslatib o‘tamiz, ikki mamlakat o‘rtasidagi havo, temir yo‘l va avtobus qatnovi COVID-19 pandemiyasi sabab 2020-yil martida vaqtinchalik to‘xtatib qo‘yilgan edi. 2020-yil sentabrida O‘zbekiston Qozog‘iston bilan muntazam parvozlarni rasman tikladi.