TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi kafelardan birida mast erkak va ayollar o‘rtasida janjal yuzaga kelgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) matbuot kotibi voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.
Voqea 11-fevral kuni soat 21:30 da shahardagi “Marhamat” restoranida sodir bo‘lgan. U yerga Olmaliq ichki ishlar boshqarmasi tezkor-tergov guruhi yetib borgan.
Janjal ishtirokchilari ikki erkak va to‘rt ayol IIBga olib kelingan va tibbiy ko‘rik ularning mast ekanini aniqlagan.
Hodisa ishtirokchilariga sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tishi uchun yo‘llanma berilgan. Tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Voqea guvohlari va restoran mas’ullari ham ishga jalb qilingan.