TOShKENT, 13 fev — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolari oldindan pul to‘lab qo‘yib, mashinasini o‘z vaqtida ololmayotgani muammosini ko‘tardi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan “Menimcha” ko‘rsatuvidan ma’lum bo‘ldi.
Davlat rahbari yaqin kunlarda avtomobilsozlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishini ma’lum qildi.
“Kelgusi hafta avtomobilsozlik masalalarini ham ko‘rib chiqamiz. Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber, ey davlat rahbarlari, deyapti. Xudoga shukr, iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, odamlarning mashinaga talabi oshib borapti. Lekin shu bilan birga biz yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo boshqa choralarni ko‘rishimiz kerak”, - dedi Mirziyoyev yig‘ilishda.
Eslatib o‘tamiz, “UzAuto Motors” 20-dekabr kuni 1-fevralga qadar “Cobalt”, “Nexia”, “Spark” va “Lacetti” avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgan edi. Kompaniya buni butun dunyo bo‘ylab yarim o‘tkazgichlarni yetkazib berishdagi uzilishlar bilan tushuntirgan.