Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tadi

Turkmaniston MSK navbatdan tashqari prezident sayloviga tayyorgarlikni boshlamoqda. Saylov 12-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 12 fev – Sputnik. Ushbu yilning 12-mart kuni Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu haqida Turkmaniston MSK raisi yordamchisi Bezirgen Karayev ma’lum qildi.

“Turkmaniston prezidenti topshirig‘iga asosan Markaziy saylov komissiyasi 12-mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari prezident sayloviga tayyorlanishni boshladi”, - deyilgan xabarda.

Bundan biroz oldin Turkmaniston parlamentining yuqori palatasi - “Xalk Maslaxati”ning navbatdan tashqari majlisida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov davlat boshqaruvini yoshlarga berish kerakligi haqida gapirgan edi.
Shundan so‘ng, Markaziy Saylov komissiyasiga Turkmaniston Konstitutsiyasi va qonunchiligiga asosan yangi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rishni boshlash vazifasi topshirilgan.
Ma’lumot uchun, Turkmaniston qonunchiligiga ko‘ra, ushbu mamlakat prezidenti bo‘lish uchun Turkmanistonda tug‘ilgan, yoshi 40dan yosh bo‘lmagan, davlat tilida so‘zlashuvchi, bundan oldin 15-yil davomida Turkmanistonda yashagan va Turkmanistonda ishlayotgan fuqaro bo‘lishi kerak. Turkmaniston prezidenti bevosita xalq tomonidan 7-yilga saylanadi. Turkmanistonda so‘nggi bor prezident saylovi 2017-yilda bo‘lib o‘tgan edi.