TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Toshkentning eski shahar hududida art-rezidensiyalar yaratish tashabbusini ilgari surmoqda. Loyiha Alisher Usmonovning "San’at, ilm va sport" xayriya jamg‘armasi ko‘magida amalga oshiriladi.
Ijodiy maskanni tashkil etish bo‘yicha poytaxtning Olmazor tumanida joylashgan ikkita obyekt tanlab olingan.
Birinchi obyekt Namuna mahallasida joylashgan va an’anaviy me’moriy ko‘rinishi saqlab qolingan "Matkarimboy" madrasasi. Ikkinchi obyekt esa eski bolalar bog‘chasi – Hastimom mahallasida joylashgan.
Ta’kidlanishicha, Toshkentdagi art-rezidensiyalar Zamonaviy san’at markazining ta’lim yo‘nalishi uchun platforma hamda mahalliy va xalqaro ijod vakillari o‘rtasida hamkorlik uchun xizmat qiladi.
Loyiha dizayn konsepsiyasi Marokashdagi "Studio KO" me’morchilik burosi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.