“O‘zbekiston – ajoyib mamlakat!” – rossiyalik blogerning voqealardan keyingi intervyusi

7 fevral kuni Buxoroda uy qamog‘idan ozod qilingan rossiyalik bloger Maksim Limar uyiga qaytib ketdi va Sputnik nashriga O‘zbekistondagi sayohatdan olgan taassurotlari haqida eksklyuziv intervyu berdi.
Sputnik
TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Ilgari Buxoro aeroportida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan kvadrokopter bilan ushlangan va uy qamog‘ida bo‘lgan rossiyalik bloger Maksim Limar 9-fevral kuni uyi, Novosibirskka qaytib ketdi. Uyga qaytishi bilan Limar Sputnik muxbiri bilan suhbatlashdi va O‘zbekistonga qilgan sayohatidan olgan taassurotlari haqida ilk marotaba so‘zlab berdi.
Uchuvchisiz uchadigan qurilma bilan bog‘liq voqeaga qaramasdan, Maksim Limar sayohat yaxshi bo‘lib o‘tdi deb hisoblaydi. Zero O‘zbekistonda ko‘rishga arzigulik joylar talaygina.
“Oldindan hech qanday rejalar (suratga olish – Sputnik) tuzmagandim. Shunchaki mamlakat bo‘ylab sayohatimning rolik turkumlari bo‘ladi. Men shaharlar bo‘ylab sayr qildim va menga o‘zgacha va qiziq bo‘lgan narsalarni suratga oldim”, - deydi u.
Safar davomida Maksim Limar Toshkent, Samarqand va Buxoroga tashrif buyurishni rejalashtirgan va qo‘lga olinguniga qadar har uchala shaharni ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.
“Xohlagan narsalarim tavsirga oldim va hatto ko‘proq ham. Albatta, borishni istagan boshqa shaharlarim ham bor edi, masalan, Farg‘ona, Xiva, Andijon”, - deydi rossiyalik bloger. Biroq aniqlik kiritdiki, yaqin orada O‘zbekistonga qaytishi dargumon, chunki dron bilan bog‘liq voqeaning asari baribir qolgan.
Shunga qaramasdan unga mamlakat juda ma’qul qilgan.
“O‘zbekiston – juda ajoyib mamlakat. O‘zbekiston aholisiga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Kutilmagan va juda yoqimli edi. Tashakkur!”, - deb Maksim o‘zbekistonliklarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlariga munosabat bildirdi. Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi bloger mamlakat uchuvchisiz uchadigan qurilmani olib kirish qoidalarini tekshirib ko‘rmasdan xato qilgan, deb hisoblashdi, ammo, ularning fikricha, shu bilan birga u hech qanday yomon ish qilmagan.
Limarning aniqlik kiritishicha, Buxoro aeroportida qo‘lga olinishiga sababchi bo‘lgan kvadrokopterni qoldirib kelishga to‘g‘ri kelgan. Bloger yangi dronni kraudfandingordamida xarid qilishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik bloger Buxoro aeroportida chegara nazoratidan o‘tayotgan paytda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan kvadrokopter sabab ushlangan edi.
Bu qoidabuzarlik uchun mamlakat qonunchiligida 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan. Ammo sayohatchi bloger 7-fevral kuni ozod qilindi. Bunda rossiyalik diplomatlarning hissasi ham bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Rossiya elchixonasining matbuot kotibi Dmitriy Danilovning ma’lum qilishicha, blogerga nisbatan hech qanday jiddiy chora ko‘rilmagan.
"Qo‘rqinchli hech narsa sodir bo‘lmadi. O‘zbekiston avvalgiday mehmondo‘st va sayyohlar uchun ochiq mamlakat bo‘lib qolmoqda. Lekin kelishdan oldin hech bo‘lmasa ushbu mamlakat qonunchiligi bilan ozgina bo‘lsada tanishish kerak. Ayniqsa, siz jurnalistika yoki blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lsangiz" - dedi Danilov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilmaning vazniga qaramasdan, unda surat va videoga oladigan moslamalar o‘rnatilgan. Shu sababli u ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart edi. Avvalroq “O‘zaviatsiya” ham shunday tushuntirish bergan edi.
O‘zbekistonda 2015-yil 1-yanvardan boshlab uchuvchisiz uchadigan apparatlarni olib kirish, sotish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangan edi.
2016 yil may oyidan uchuvchisiz qurilmalarni olib kirish uchun maxsus ruxsatnoma olish tartibi joriy etilgan.
2019 yilning noyabr oyidan boshlab esa O‘zbekiston qonunchiligida uchuvchisiz apparatlarni olib kirish, saqlash, sotish va foydalanish uchun 3-yilgacha qamoq jazosi joriy etilgan.

Mavzuga oid:

Buxoroda ushlangan Rossiya fuqarosiga hech qanday tayziq o‘tkazilmagan – Bojxona xizmati
Buxoroda qo‘lga olingan Rossiya fuqarosi uy qamog‘idan ozod qilindi
Kvadrokopter bilan ushlangan rossiyalik blogerga qanday chora ko‘rildi?