TOShKENT, 10 fev — Sputnik. O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ini qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod qilish muddati uzaytirildi. Bu prezident 9-fevralda imzolagan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunda (O‘RQ–752-son) ko‘zda tutilgan.
Hujjat bilan quyidagilarning QQSdan ozod qilish muddati 2022-yil 30-aprelgacha uzaytirildi:
O‘zbekistonga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma.
O‘zbekistonda go‘sht, baliq, kartoshka 2021-yil 10-oktabrdan 31-dekabrgacha QQSdan ozod qilingan edi. Joriy yil yanvarida Qonunchilik palatasi deputatlari bu imtiyozlarni yana to‘rt oyga uzaytirishga qaratilgan qonunni qabul qilishgan edi.