TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Toshkent shahrida harakatlanish tezligi 60 km/soatgacha pasaytiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrif chog‘ida ma’lum qildi.
Davlat rahbari Samarqandda yangi qurilgan yer osti tonneli, yo‘llarni ko‘zdan kechira turib, xavfsiz yo‘l, xavfsiz piyoda konsepsiyasini yaratish borasida gapirgan.
“Yaqinda Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha belgilangani haqida qaror chiqadi”, — dedi prezident.
Bundan tashqari, Mirziyoyev Toshkent shahriga tramvay qaytarilishi rejasini ham ma’lum qildi.
“Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti", — degan davlat rahbari. Uning so‘zlaridan "Daryo" nashri iqtibos keltirgan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev o‘qitmasdan va o‘rgatmasdan haydovchilik guvohnomasini berish uchun jazoni kuchaytirish yuzasidan taklif kiritish topshirig‘ini bergan edi.