SSV: Zangiotaga yotqizilganlarning deyarli 96 foizi kovidga qarshi emlanmagan

Ma’lum qilinishicha, vaksina olmagan bemorlarda kasallik og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechib, hatto o‘lim holatlari ham kuzatilgan.
Sputnik
TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Shu yilning yanvar oyida Toshkent viloyatidagi ikkita Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jami 8601 nafar bemor murojaat qilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, ulardan 6856 nafarini kattalar, 811 nafarini homilador ayollar, 934 nafarini esa bolalar tashkil etgan.
“Afsuski, ushbu bemorlarning 8243 nafari koronavirusga qarshi vaksina olmagan. Kasallanganlarning bor-yo‘g‘i 358 nafari, ya’ni 4,1 foizi COVID-19 ga qarshi emlangan, xolos. Ularning orasida o‘lim holati qayd etilmagan”, - deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha vaksina olmagan bemorlarda kasallik og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kechib, hatto o‘lim holatlari ham kuzatilgan.
Vazirlik yana bir bor fuqarolarni o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lib, koronavirusga qarshi vaksina olishga va buster doza bilan emlanishga chaqirgan.
7 fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda jami 42 631 704 doza vaksinadan foydalanilgan. Emlanishi kerak bo‘lgan aholining 90,7 foizi koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini olishga ulgurgan. 69,5 foizi esa to‘liq emlanib bo‘lgan.