TOShKENT, 9 fev — Sputnik. O‘zbekistonda fuqaroviy ov qurolini va uning o‘q-dorilarini olish huquqi 21 yoshdan 25 yoshga oshirilishi kutilmoqda.
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning xabar qilishicha, bu yangi qonun loyihasida nazarda tutilgan.
Deputatning yozizicha, bu huquqqa Qozog‘iston, Belarus, Turkmaniston, Norvegiya, Kanada, Vengriya, Shveysariya, Finlandiya, Latviya, Avstriya va AQShda 18 yoshda, Qirg‘izistonda 20 yoshda, Germaniya, Moldova, Fransiya, Filippin, Argentina, Chexiyada 21 yoshda, Litvada 23 yoshda, Braziliya va Gvatemalada 25 yoshda ega bo‘lish mumkin.
2019 yil iyulida O‘zbekistonning Qurol to‘g‘risidagi qonuni imzolangan edi. Qonunga ko‘ra qurolning quyidagi turlari farqlandi: fuqaroviy qurol; xizmat quroli; jangovar qurol. Fuqaroviy qurol jumlasiga ov, sport va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollari kiradi.
Amaldagi qonunda 18 yoshga to‘lgan fuqarolar fuqaroviy sport qurolini va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini, 21 yoshga to‘lganlar fuqaroviy ov qurolini olish huquqiga egaligi belgilangan.