TOShKENT, 9 fev — Sputnik. “O‘zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan navbatdagi o‘rganish “Navoiy neft bazasi” MChJda o‘tkazilib, natijada neft mahsulotlarining saqlanishi, iste’molchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan ko‘plab noo‘rin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi.
Jamiyatning Zarafshon filiali boshlig‘i E.To‘xtamuratov, filialning sobiq bosh hisobchilari R.Umarov va J.Amantayevlar tomonidan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yib, 8 ta xususiy AYoQShlarning interaktiv kartalariga jami 4 110,8 mln so‘m pul mablag‘larini sun’iy ravishda kiritilib 866,3 tonna neft mahsulotlarini o‘zlashtirganligi aniqlandi.
Zarafshon filiali sexi boshlig‘i O‘. Jo‘rayev javobgarligidagi neft mahsulotlari xatlovdan o‘tkazilganda jami 1 171 kg umumiy qiymati 9,9 mln so‘mlik neft mahsulotlarining kamomadi rasmiylashtirildi.
Jamiyat va uning filiallari tassarufidagi FOTShlarda saqlanayotgan neft mahsulotlarining xaqiqiy qoldiqlari xatlovdan o‘tkazilganda, 3 ta FOTShlarda jami 516 litr umumiy qiymati 5,1 mln so‘m bo‘lgan neft mahsulotlarning kamomadi aniqlandi.
Tovar-moddiy boyliklar xatlovdan o‘tkazilganda esa, 16 nafar xodimlarning javobgarligida bo‘lgan 6,8 mln so‘mlik har xil turdagi tovarlar kamomadi aniqlandi.
Jamiyatda faoliyat yuritgan va mehnat shartnomasi bekor qilingan 4 nafar xodimlarning qarzdorligi 33,9 mln so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, filiallardagi avtoyonilg‘ikashlarning harakati o‘rganilganda, 22 holatda haqiqatda bosib o‘tilgan yo‘l masofasiga nisbatan, yo‘l varaqalarida ortiqcha masofani qo‘shib yozilishi oqibatida, jami 961 litr umumiy qiymati 6,8 mln so‘mlik neft mahsulotlari asossiz hisobdan chiqarilganligi aniqlandi.
Kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o‘rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etildi.