TOShKENT, 9 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi dam olish kuni uchta tumanda yig‘ilish o‘tkazgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, viloyat Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida Buxoro viloyati hokimi tomonidan 2022-yil 6-fevral kuni (yakshanba dam olish kunida) Buxoro, Vobkent, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlarida uchrashuv o‘tkazilgani sababli mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.
Qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, dam olish kunlari ishga jalb etilgan xodimlarga ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi yoki xodimning istagiga qarab boshqa dam olish kuni ("otgul") berish bo‘yicha Buxoro viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan yozma ko‘rsatma va vazirlik Davlat mehnat inspeksiyasi rahbari tomonidan viloyat hokimi nomiga taqdimnoma kiritildi.