TOShKENT, 9 fev - Sputnik. Birov o‘zning diniy o‘lchovlarini va uyidagi qarashlarini boshqalarga yoki jamiyatga o‘tkazishiga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov dushanba kuni vazirlik faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
"Axloqiy standartlar jamiyat ichida turlicha, biz unga aralashmaymiz, -deydi Davletov. - Lekin ayrim diniy tashkilot vakillari, imomlar va domlalar chiqib "u ishni qilsa bunday bo‘ladi, bu narsani ichsa bunday bo‘ladi, uni uyiga kirmang yoki u viloyatdagilar bunday", desa biz chidab tura olmaymiz. Huquq nuqtayi nazaridan bu mumkin emas. Chunki bu birinchidan, jamiyatni bo‘linishiga olib keladi, ikkinchidan - diniy tashkilotning bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘q".
Adliya vaziri diniy tashkilotlar va domlalarga vijdon erkinligi - bu har bir kishining konstitutsiyaviy huquqi ekanini va hech kim unga o‘z o‘lchovi bilan yondashishga haqli emasligini eslatib o‘tdi va bu borada vazirlik juda faol ishlayotganini qayd etdi.
"Dinga xohlasa, ishonadi, xohlamasa, ishonmaydi. Xohlamasa, umuman tarki dunyo qilib yashaydi. Bu konstitutsiyaviy huquq. Shuning uchun qonunda belgilangan huquqlar, kafolatlarni kimlardir chiqib, ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, inkor qilolmaydi, ularga dahl qilolmaydi. O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor", - dedi Davletov.
Shuningdek, vazir, har bir kishi o‘z malakasi yetarli bo‘lgan sohalar haqida gapirsa maqsadga mvofiq bo‘lishini ham eslatib o‘tdi.