TOShKENT, 8 fev — Sputnik. Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Prezidet Shavkat Mirziyoyev uning qurilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati
Loyihaga ko‘ra, u yerda universitet, maktab va bog‘cha, IT park, fan va madaniyat markazlari, sport majmuasi barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy maydoni bo‘ladi, buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi.
Ta’kidlanishicha, Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi ham qurilmoqda. Bugungi kunda jasur sarkardaning muhtasham haykali o‘rnatilgan. Atrofdagi qariyb 8 gektar maydon obodonlashtirilmoqda.
Shunga yaqin joyda ming o‘rinli san’at saroyi bunyod etish ham mo‘ljallangan. U yerda Xorazm lazgisi an’analarini saqlash, o‘rganish va keng yoyish uchun zamonaviy sharoit yaratiladi. Turli tadbirlar, konsertlar o‘tkaziladi.