Rossiya va Belarusdan iborat Ittifoq davlatiga Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston ham qo‘shiladi, deya ishonmoqda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko.
“Solovyov LIVE” kanalida e’lon qilingan intervyuda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 1999-yilda Rossiya va Belarus ishtirokida tuzilgan Ittifoq davlati kengayishi mumkinligini aytgan.
“Bilasizmi, Belarus allaqachon ushbu ittifoqda. Qozog‘iston uchun yanvardagi noroziliklari yaxshi saboq bo‘ladi deb o‘ylayman. Agar siz 15-yillik muddat desangiz, agar biz xatoga yo‘l qo‘ymasak, Ukraina Ittifoqqa qo‘shilishiga ishonchim komil”, – dedi Lukashenko.
U Armaniston “hech qayerga bora olmasligi” sabab Ittifoq davlatiga qo‘shilishini taxmin qildi. Ozarbayjonni esa Turkiya “juda jiddiy qo‘llab-quvvatlayotgani”ni aytadi. “Biz bu bo‘yicha ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik, bu – alohida mavzu”, ta’kidladi u.
“Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelsak, avvalo iqtisodiy zaruratdan kelib chiqib, o‘ylaymanki, ular ham qo‘shiladi”, – dedi Aleksandr Lukashenko.
Ittifoq davlati – bu Rossiya va Belarusning millatlararo tuzilmasi, bosqichma-bosqich yagona siyosiy, iqtisodiy, harbiy, bojxona, valyuta, huquqiy, gumanitar, bozor va madaniy hudud tashkil etiladi.
Uyushmaning rivojlanishi 2021-yilda boshlandi. 2023-yilning 1-dekabriga qadar davlat rahbarlari yagona gaz bozori haqida kelishuv imzolashni rejalashtirmoqda.